Teatr san’ati

Qashqadaryo viloyati madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi Muborak tuman 11-son bolalar musiqa va sanʼat maktabining ta’lim yo’nalishlari bo’yicha ma’lumotlar

Teatr san’ati

Teatr sintez sanʼati boʻlib, jamiyat hayotida, tomoshabinlarning maʼnaviy va estetik tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy sanʼat, raqs, meʼmorlik ajralmas birlikni tashkil etadi. Teatrning muhim vositalaridan biri sahna nutqidir. Aktyor qahramonning pyesadagi soʻzlarini oʻzlashtirib olar ekan, qahramon qiyofasida, holatlarda turib uning nutqiy tavsifini yaratadi, boshqa personajlar bilan muloqotga kirishadi. Sahna nutqi xarakterlarning ochilishida, asar mazmuni, konfliktining yoritilishida muhum oʻrin tutadi. Sahna asarlarining yaratilishida teatr rassomligi (ssenografiya)ning hissasi katta. Rassom asar mazmuni va rejissyor yechimidan kelib chiqib, dekoratsiya yaratadi. Teatrda musiqaning ham oʻrni katta, tomosha turi va janriga bogʻliq holda u turli vazifani bajaradi: dramatik spektakllarda yordamchi vosita boʻlsa, operetta, musiqali dramada soʻz bilan barobar huquqga ega, opera va baletda esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. 

Oʻzbekiston mustaqil davlat deb eʼlon qilingach, oʻzbek Teatri hayotida ham yangi davr boshlandi. Istiqlol tufayli milliy merosga tayanib ijod qilish, milliy qadriyatlar, anʼanalarni tiklashga intilish jiddiy tus oldi. Bu davrda oʻzbek Teatrida quyidagi ilgʻor tendensiyalar, ijodiy izlanishlar koʻzga tashlanadi: birinchidan, Teatrlar repertuarida tarixiy mavzuning salmogʻi oshdi. Buyuk ajdodlarimiz – allomalar, shoirlar, davlat arboblari, lashkarboshilarning hayoti va taraqqiyot uchun kurashini yorituvchi oʻnlab sahna asarlari yaratildi. Sahnalarda shoʻrolar davrida hatto tilga olish man etilgan Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Imom al-Buxoriy kabi allomalar, „Avesto“ kitobi asosida Zardushtiy hayotini yorituvchi sahna asarlari vujudga kelib, davrimiz tomoshabinlari maʼnaviyatini boyitdi, tarixiy, diniy eʼtiqodga nisbatan qarashlarni oʻzgartirdi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar haqida yaratilgan 20 ga yaqin sahna asarlari maʼnaviy va madaniy hayotimizda katta voqea boʻldi. Ikkinchidan, zamonaviy oʻzbek Teatrida tasavvuf bilan bogʻliq „Muhabbat sultoni“, „Mashrab“ (Milliy teatr), „Xitoy malikasining siri“ (rus teatri), „Umar Xayyom“, „Ato etilgan muhabbat tariqati“ (Oʻzbekiston yoshlar teatri), „Na falakman, na farishta“ (Muqimiy teatri), „Shayh sanʼon“, „Raqsu samoʼ“ („Eski masjid“ teatr studiyasi) kabi spektakllar Teatrlarimizning eng murakkab mavzularga dadil qoʻl urayotganlari, yangi manbalarni ochayotganlaridan dalolatdir. Shu yoʻnalishda Alisher Navoiy asarlarini Teatr sahnasida yangicha talqin etish boshlandi. Uchinchidan, jahon va milliy mumtoz dramaturgiya namunalarini zamonaviy talqin va vositalarda sahnalashtirish boshlandi. Navoiy, Shekspir, Molyer, Ayniy, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Avloniy, Gʻafur Gʻulom asarlarining sahnaviy talqinlari shundan guvohlik beradi. Toʻrtinchidan, Teatrlarda ilgari qoloqlik belgisi sifatida qarab kelingan etnografiya va folklor manbalari vositalaridan foydalanish butun bir uslubiy yoʻnalish sifatida koʻzga yaqqol tashlanib, sahna sanʼatining milliy oʻziga xosligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. „Alpomish“ qahramonlik dostoni asosida poytaxt va viloyat Teatrlari sahnalarida yaratilgan 10 ga yaqin spektakllar ham bu yoʻnalishning istiqbolidan nishonadir. Beshinchidan, dramaturgiya va Teatrda zamonaviy mavzularda asarlar yaratilib, sahnalashtirish yildan yilga sezilarli tus olib bormoqda. Zamonaviy mavzular koʻproq melodrama, komediya, tragikomediya janrlari doirasida ishlanmoqda. Ayniqsa, maishiyaxloqiy komediyalar Teatrlar repertuaridan keng oʻrin egalladi.

O’qish davomiligi

Foto galeriya

Biz bilan bog'lanish

Savollar bormi?

O’zingizni qiziqtirgan savollar, takliflar, shikoyatlar va murojaatlarni yuborishingiz mumkun. Murojaatlar tez orada ko’rib chiqiladi va albatta javob beriladi.